Er-xotinning mulkiy huquq va majburiyatlari

Bugun darsda quyidagilar bilan tanishasiz:

  1. Er va xotinning umumiy mulki.
  2. Er va xotinning umumiy mol-mulkka egalik qilishi, undan foydalanishi va uni tasarruf etishi.
  3. Er va xotinlardan har birining mulki.
  4. Er va xotinning shaxsiy foydalanishidagi buyumlar.
  5. Er va xotinning umumiy mol-mulkini bo‘lish.
  6. Er va xotinning umumiy mol-mulkini bo‘lishda ulushlarni aniqlash.

Er va xotinning umumiy mulki

Er va xotinning nikoh davomida orttirgan mol-mulklari, shuningdek, nikoh qayd etilgunga qadar, bo‘lajak er-xotinning umumiy mablag‘lari hisobiga olingan mol-mulklari, agar qonun yoki nikoh shartnomasida boshqacha hol ko‘rsatilmagan bo‘lsa, ularning birgalikdagi umumiy mulki hisoblanadi.

Er va xotinning nikoh davomida orttirgan mol-mulklari jumlasiga (er va xotinning umumiy mol-mulkiga) ulardan har birining mehnat faoliyatidan, tadbirkorlik faoliyatidan va intellektual faoliyat natijalaridan orttirgan daromadlari, ular tomonidan olingan pensiyalar, nafaqalar, shuningdek, maxsus maqsadga mo‘ljallanmagan boshqa pul to‘lovlari (moddiy yordam summasi, mayib bo‘lish yoki salomatligiga boshqacha zarar yetkazish oqibatida mehnat qobiliyatini yo‘qotganlik munosabati bilan yetkazilgan zararni qoplash tarzida to‘langan summalar va boshqalar) kiradi.

24 Er va xotinning umumiy daromadlari hisobiga olingan ko‘chimli va ko‘chmas ashyolar, qimmatli qog‘ozlar, omonatlar, kredit muassasalariga yoki boshqa tijorat tashkilotlariga kiritilgan kapitaldagi ulushlari hamda er va xotinning nikoh davomida orttirgan boshqa har qanday mol-mulklari, ular er yoki xotindan birining nomiga rasmiylashtirilgan yoxud pul mablag‘lari kimning nomiga yoki er va xotinning qaysi biri tomonidan kiritilgan bo‘lishidan qat’i nazar, ular ham er va xotinning umumiy mol-mulki hisoblanadi.

Er va xotindan biri uy-ro‘zg‘or ishlarini yuritish, bolalarni parvarish qilish bilan band bo‘lgan yoki boshqa uzrli sabablarga ko‘ra mustaqil ish haqi va boshqa daromadga ega bo‘lmagan taqdirda ham er va xotin umumiy mol-mulkka nisbatan teng huquqqa ega bo‘ladi.

Er va xotin ularning birgalikdagi umumiy mulki bo‘lgan mol-mulkka egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etishda teng huquqlarga egadir.

Er va xotinlardan har birining mulki.

Er va xotinning nikohga qadar o‘ziga tegishli bo‘lgan mol-mulki, shuningdek ulardan har birining nikoh davomida hadya, meros tariqasida yoki boshqa bepul bitimlar asosida olgan mol-mulki ulardan har birining shaxsiy mulki hisoblanadi.

Nikoh davomida er-xotinning umumiy mulki, ulardan har birining mol-mulki yoxud er va xotindan birining mehnati hisobiga mol-mulkning qiymati ancha oshishiga olib kelgan mablag‘lar (kapital ta’mirlash, qayta qurish, qayta jihozlash va boshqalar) qo‘shilgani aniqlansa, er yoki xotindan har birining mol-mulki ularning birgalikdagi mulki deb topilishi mumkin.

Er va xotinning umumiy mol-mulkini bo‘lish.

Er va xotinning umumiy mol-mulkini bo‘lish er va xotindan birining talabiga ko‘ra, ular nikohda bo‘lgan davrda ham, nikohdan ajralishgandan keyin ham, shuningdek, kreditor er va xotindan birining umumiy mol-mulkdagi ulushiga undiruvni qaratish uchun umumiy mol-mulkni bo‘lish talabi bilan arz qilgan hollarda amalga oshirilishi mumkin. Er va xotinning umumiy mol-mulki er va xotin o‘rtasida o‘zaro kelishuv asosida bo‘lib olinishi mumkin.

Er va xotinning xohishi bilan ularning umumiy mol-mulkni bo‘lish to‘g‘risidagi o‘zaro kelishuvi notarial tartibda tasdiqlanadi. Nizo tug‘ilgan hollarda er va xotinning umumiy mol-mulkini bo‘lish, shuningdek, er va xotinning bu mol-mulkdagi ulushini aniqlash sud tartibida amalga oshiriladi.

Oilaviy munosabatlar tugatilganda sud er va xotin alohida yashagan davrda orttirgan mol-mulkni ulardan har birining shaxsiy mulki deb topishi mumkin. Voyaga yetmagan bolalar ehtiyojini qondirish uchun olingan buyumlar (kiyim-bosh, poyabzal, maktab va sport jihozlari, musiqa asboblari, bolalar kutubxonasi va boshqalar) bo‘linmaydi hamda bolalar er va xotindan qaysi biri bilan yashasa, unga kompensatsiyasiz beriladi.

Er va xotinning umumiy mol-mulki hisobidan o‘rtadagi voyaga yetmagan bolalar nomiga qo‘yilgan omonatlar o‘sha bolalarga tegishli hisoblanib, er-xotinning umumiy mol-mulkini bo‘lish paytida e’tiborga olinmaydi. Er va xotinning umumiy mol-mulki ular nikohda turgan davrda bo‘lingan taqdirda, er va xotin molmulkining bo‘linmay qolgan qismi, shuningdek, er va xotin tomonidan ular nikohda turgan davrda orttirilgan mol-mulk keyinchalik ularning birgalikdagi umumiy mulkini tashkil qiladi.

Nikohdan ajralgan er va xotinning umumiy mol-mulkni bo‘lish to‘g‘risidagi talablariga nisbatan uch yillik da’vo muddati qo‘llaniladi. Er va xotinning umumiy mol-mulkini bo‘lishda hamda ularning shu mol-mulkdagi ulushlarini aniqlashda, agar er va xotin o‘rtasidagi nikoh shartnomasida boshqacha hol nazarda tutilmagan bo‘lsa, er va xotinning ulushlari teng deb hisoblanadi.


Ijodiy faoliyat

M. turmush o‘rtog‘i T. bilan nikohdan ajratish va ularning birgalikdagi mol-mulklarini bo‘lib berish haqida da’vo arizasi bilan sudga murojaat qiladi. М. o‘z arizasida keltirilgan mol-mulklar ro‘yxati qatorida ularga nikoh to‘ylariga T.ning ota-onasi tomonidan sovg‘a qilingan yumshoq mebellar to‘plami va gilam borligini ko‘rsatadi. Hadya shartnomasi tuzilmagan bo‘lsa-da, T. ota-onasi tomonidan to‘ylariga sovg‘a qilingan buyumlarni o‘ziniki, deb qarshilik bildirdi. Siz nima deb o‘ylaysiz, kimning talabi qonuniy?

Savol va topshiriqlar:

1. Er va xotinning umumiy mol-mulki qanday bo‘linadi?

2. Nikohdan ajralgan er va xotinning umumiy mol-mulkni bo‘lish to‘g‘risidagi talablariga da’vo muddati necha yilni tashkil qiladi?

3. Er va xotinning umumiy mol-mulki ular nikohda bo‘lgan davrda bo‘linishi mumkinmi? Fikringizni asoslang.

4. Er va xotinning umumiy mol-mulki hisobidan o‘rtadagi voyaga yetmagan bolalar nomiga qo‘yilgan omonatlar er-xotinning umumiy mol-mulkini bo‘lish paytida e’tiborga olinadimi?

724
Нет комментариев. Ваш будет первым!